08 Yanvar 2026, 14:43

QODIRIYNING QASAMI

Rasmlar

Rasm

Buyuk adibimiz Abdulla Qodiriy sharqona qadriyatlar ruhida tarbiya topgan oliyjanob shaxs sifatida, o‘z hayoti va ijodida islomiy va dunyoviy odob-axloq me’yorlarini hamisha muvozanatda ushlagan. “Yig‘indi gaplar” maqolasi uchun mahkamaga tortilganida ham, garchi adolatsizlik qurboni bo‘lgan esa-da, adibni o‘ta bosiq holda ko‘ramiz.

Asarlariga to‘xtamay tosh otayotgan kimsalarga yozgan raddiyalarida ham u sira-sira jahl otiga minmaydi. Ayrim o‘rinlarda so‘zi isboti uchun achchiq xanda yoki kesatiqlar keltirish bilan cheklanadi. Ammo ushbu hassos va achchiq satrlar adib qalamiga mansub ekanini bilasizmi:
“Oramizdagi o‘zbek, tojik va qozoqlik ig‘volarini alangalatib yurgan duvarak odamlarni yo‘qotmoq qasamini ichaylik!”
Xo‘sh, adib nega bu qadar jahl otiga mingan, ushbu satrlarni yozmoqqa uni nima majbur qilgan?

“Mushtum” jurnalining 1925-yil 22-sonida e’lon qilingan “Bir yil” sarlavhali maqolasi tagsarlavhasiga adib “jiddiya” deb yozib qo‘ygan. E’tiborlisi shundaki, adibning vaqtli matbuotda chop qilingan yuzlab maqolalarida “jiddiya” tagsarlavhasiga deyarli duch kelmaymiz. Demak, Qodiriyni g‘azablantirgan nimadir ro‘y berganki, u satira tig‘ini bir lahzada o‘tkir xanjarga aylantirish majburiyatida qolgan.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p kuzatilayotgan mavzulardan biri nima, bilasizmi? O‘ta tor doiradagi mahdud millatchilik! Ming yillarki yaqin qo‘shni bo‘lib yashayotgan, tili va dini, qadriyatlari bir bo‘lgan millatlarning orasiga nizo solishni kasb qilib olgan kimsalar yozayotgan havolalarga ko‘zingiz tushsa, ensangiz qotadi. Yo‘q, Qodiriy bobo kabi jahl otiga minasiz. Kimdir pismiqlarcha “Biz turkiy xalqlarning eng qadimiysimiz”, deya ko‘krak keradi, bunga o‘zicha rivoyat-u hikoyat va yana qandaydir manbalar keltiradi ham. Ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va hokazo tomon ham qarab turmaydi. Shu tariqa ayanchli “poyga” boshlanadi.

Bu kabi havolalarga tarixdan chala xabardorlar aralashib, talashib-tortishishi (afsuslanarlisi, bahs bir zumda haqoratlarga aylanib ketishi) go‘rga, hatto tarixchi olimlar, o‘zini ziyoli qatlamga mansub deb da’vo qiladigan tuppa-tuzuk odamlar ham miyasiga emas, tiliga zo‘r beradi.

Yana yuz yil ortga, buyuk Qodiriyning “jiddiya”siga qaytaylik. “Biz haqiqatni hayotdan oldik! Hammadan ilgari shaxs o‘zini tanisin, so‘ngra boshqani! Zero, ‘o‘zini bilmagan o‘zgani bilmas’ so‘zi turmush onasining dard chekib tuqqan o‘g‘lidir”. Qodiriy ushbu achchiq so‘zlarni o‘sha paytda “Ittihodi islom” va “Ittihodi turk” shiorlari bilan maydonga chiqqan va endigina bir qadar qaddini tiklayotgan millatni qayta muhoraba maydonlariga chorlayotgan guruhlarga qarshi aytmoqda.

Bundan “Qodiriy islomga yoki turkiy birlikka qarshi edi”, degan xulosa chiqmaydi. “Hammadan ilgari shaxs o‘zini tanisin”, deydi adib. O‘zlikni tanish esa ilm-ma’rifat orqali amalga oshadi. Ilmdan yiroq, ma’rifatdan bexabar qavm bir umr qullik zanjirini bo‘yniga osishga majbur bo‘ladi. Millat ilmli, ma’rifatli bo‘lib shakllanar ekan, vaqt kelib maydonga chiqishga qodir bo‘ladi.

Tarixga nazar tashlasak, o‘sha paytda yangi tuzilgan respublika boshqaruvidagi asosiy rahbarlik o‘rinlariga chetdan kelgan kadrlar tayinlanganini ko‘ramiz. Mahalliy noroziliklardan so‘ng ularning aksari chaqirib olingan va o‘rniga boshqalar yuborilgan. Achinarlisi shundaki, aynan shu kelgindi kimsalar mahalliy millatlar orasiga nifoq solish, ularni bir-birlariga gij-gijlashga bosh-qosh bo‘lgan.

Qodiriyning g‘azabi ko‘proq shu kimsalarga va ularning nog‘oralariga o‘ynayotgan yerlik millat vakillariga qaratilgan. “Bo‘lib tashla va hukmronlik qil!” shiorini dasturulamal qilgan sovetlar ayni shu davrda “panislomizm”, “panturkizm” degan iboralarni o‘ylab topadi. Vaqt kelib bu ayblar jadid bobolarimizni yomonotliq qilishda rosa asqotadi. Vaholanki, Qodiriy va boshqa jadidlar o‘z vaqtida ayni shu bo‘linishlar – milliy ayirmachiliklardan xalqni ogoh qilgan edilar.

Qodiriy o‘z maqolasida bir davlat ichida yashayotgan turli millat vakillari orasiga nifoq solish o‘z boshpanasiga o‘t qo‘yish bilan barobar ekanini ta’kidlaydi. Adib tashqi dushmandan ichki dushman xavfli ekani, tashqi dushman ko‘rinib kelsa, ichki dushman ko‘rinmas nishlari bilan ichdan zarba berishini afsus bilan qayd qiladiki, bu achchiq maslahatlar bugunimiz uchun ham g‘oyat dolzarbdir.

Ijtimoiy tarmoqlarga tanda qo‘yib, zo‘r berib o‘zlarining “qadimiy”ligi, qaysidir hudud yoki allomaga da’volarini bot-bot takrorlayotgan ayrim millatchi va ayirmachi, buzg‘unchi kimsalarga “Barchamiz Odam Ato va Momo Havodan tarqaganmiz, ayirmachilikni bas qilaylik, odam bo‘laylik!” deyish bilan ish bitmaydi. Aksincha, buyuk adibdan o‘rnak olib, uning qasamini qayta ichishimizga to‘g‘ri keladi. Toki bunday g‘alamis kimsalarning dumi tugilib, nafaslari ichiga tushib ketgunicha, ularga qarshi g‘oyaviy kurashni bir zum ham to‘xtatmasligimiz kerak. Kerak emas – shart!

Ro‘zimboy HASAN

“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-dekabrdagi 52-sonida

Muhim
Ulashing: